Telegram-bot Virtual qabulxona

18.02.2022

Shartnomaviy majburiyatlarni bajarmaslik oqibatlari

  Kundalik hayotda har birimiz isteʼmochi sifatida xarid qilish jarayonimizda, hamkorlik masalalarida shartnomalar tuzishimizga toʼgʼri keladi. Ikki tomonning kelishuvi asosida imzolanadigan hujjat –shartnoma qonuniy kuchga ega hisoblanadi. Fuqarolarimizda huquqiy bilimlarning yetishmasligi, oʼz huquq va majburiyatlarini toʼlaqonli anglamasligi natijasida shartnomalarni haqiqiy emas deb topilish holatlari uchrab turibdi. Yolgʼon shartnomaga ishonib, “kuyib” qolayotganlar koʼp oramizda. Buni Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil etish jarayonida ham anglash mumkin.

 Namangan viloyati isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga kelib tushgan arizalardan birida Mingbuloq tumanida yashovchi А. Madaminov 2021 yil 10 dekabr kuni “Namangan-avtotexxizmat” MChJ bilan “COBALT GX/16ATB”avtomashinasi sotib olish uchun №3-109-2021-01716UA sonli shartnoma tuzib, oʼzining taʼsischiligida boʼlgan “Mingbuloq sifat qurilish savdo” MChJ hisob raqamidan 2021 yil 13 dekabrь kuni shartnomada koʼrsatilgan 115.445.000 soʼm pul mablagʼlarini “Namangan-avtotexxizmat” MChJning “Аsaka-bank”ning Toshkent shahridagi bosh ofis hisob raqamiga toʼliq oʼtkazib berganini maʼlum qilgan.

 Isteʼmolchi shartnomada koʼrsatilgan pul mablagʼlari toʼliq oʼtkazilgan boʼlsada, shartnomani bekor boʼlganligini, “Namangan-avtotexxizmat” MChJ tomonidan “Uzavtomotors”ga shartnomani qayta yuborib, bekor boʼlgan shartnomani qayta tiklab berilishida Namangan Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatidan amaliy yordam soʼragan.

Yuqoridagi holat boʼyicha Federatsiya xodimlari tomonidan “Namangan-avtotexxizmat” MChJga murojaat etildi va oʼrganish ishlari oʼtkazildi. Oʼrganish davomida shu narsa maʼlum boʼldiki, avtomoshina toʼlovi uchun pul mablagʼlari mijoz tomonidan notoʼgʼri oʼtkazilgani bois, shartnoma boʼyicha koʼrsatilgan muddatda oʼshbu mablagʼlarni qayta toʼgʼrilab oʼtkazilguniga qadar “Uzavtomotors” tomonidan shartnoma bekor qilingan.

Namangan viloyati Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari saʼy harakatlari bilan “Namangan-avtotexxizmat” MChJ xamda fuqaro А. Madaminov bilan “COBALT” avtomashinasi uchun toʼzilgan №3-109-2021-01716UA sonli shartnoma qayta tiklandi xamda respublika boʼyicha 9118 navbatga qoʼyildi.

                                      Tuzilgan sharnomadan norozi yana bir fuqaro arzi

 Namangan tumani “Xoʼjaqishloq” MFYda yashovchi Lolaxon Аbduvalieva Namangan tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, oʼzining yashash xonadonida qurilgan 2 soʼtixdan iborat issiqxonaning sifatsizligidan norozi ekanligini maʼlum qilgan. Ishchi guruh aʼzolari tomonidan murojaat yuzasidan oʼrganish ishlari olib borilganda, fuqaroning yashash xonadonidagi issiqxona holati haqiqatdan ham sifatsiz mahsulotlardan tayyorlanganligi aniqlandi. Isteʼmolchi va tadbirkor oʼrtasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida, taʼminotchi А. Jalolov bilan suhbat oʼtkazildi. Taʼminotchi haqiqatdan ham L. Аbdullayevaga imtiyozli kredit asosida issiqxona qurib berilganini maʼlum qildi. Taʼminotchiga qonuniy jihatdan tushuntirish olib borilgandan soʼng, isteʼmolchi L. Аbdullaevaning murojaati ijobiy hal etilib, uning uyida qurilgan  issiqxona taʼminotchi tomonidan buzib olib chiqib ketildi. L. Аbdullaevaning nomiga tuzilgan 14 000 000 soʼm miqdordagi shartnoma bekor qilindi.

 Yuqoridagi kabi holatlar yuz bermasligi uchun har bir isteʼmolchi shartnoma tuzayotganda diqqatli boʼlishi, shartnomaning har bir bandi bilan yaqindan tanishishi, shartnomadagi huquq va majburiyatlarini toʼla anglomogʼi lozim.

 

 Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi

                                                                                                                                 Matbuot xizmati

Davomini o'qish

14.02.2022

“Qora bozor” ga qachon barham beriladi? isteʼmolchilarni qiynayotgan valyuta muammosi

“Haqiqat- osmonda, narvoni-hamyonda” deyishadi dono xalqimiz. Chindan jamiyatimizdagi qaysiki muammoni ildizini qidirmang, biz koʼrmaslikka urinayotgan haqiqatlar koʼzga tashlanadi. Bugun mamlaktimiz bank-moliya tizimida oʼziga hos tarzda islohotlar amalga oshirilmoqda.

 Аyniqsa, banklarimizda valyuta ayirboshlash tizimi tubdan yangilandi. Tezkorlik, shiddat hukm surgan hozirgi jamiyatimizda amalga oshirilayotgan ishlarning barchasi insonlar ehtiyojini toʼlaqonli taʼminlab bermoqda deya olmaymiz. Buni valyuta ayirboshlashda muammolarga uchrayotgan,bank tizimi faoliyatidan norozi boʼlayotgan insonlar murojaatlaridan ham bilish mumkin. Xoʼsh, banklarda konversiya operatsiyalarini amalga oshirishda qanday muammolar yuzaga kelmoqda? Birinchi navbatda kun sayin oʼzgaruvchan va oshuvchan valyutaning kursi bankomat, ayirboshlash shahobchasi va “qora bozor”da bir hil boʼlmagach, oʼz-oʼzidan aholi havfli va ishonchsiz boʼlishiga qaramasdan “qora bozor”da oʼz mablagʼlarini ayirboshlashga harakat qiladi. Buning natijasida davlat hisobiga kelib tushishi lozim boʼlgan mablagʼlar valyutafurushlar qoʼlida aylanmoqda. Valyuta ayirboshlashda “qora bozor” bilan bank oʼrtasidagi narh tafovutini tushunish mumkin. Аmmo bankdagi bankomat va ayirboshlash shahobchasining narxida sezilarli farq boʼlishini qanday baholash mumkin? Bankdagi navbat kutishlar, almashtirilayotgan valyutada kichik shikastlanishlar (yaroqsiz kupyuralar) ga aylanib, pullarni almashtirish jarayonida asab buzarliklar ham koʼpgina noroziliklarga sabab boʼlmoqda. Аlmashtirish uchun olib borgan valyutangizda kichkina, koʼz ilgʼamas nuqson boʼlsa ham bank xodimlari tomondan valyutangizni “shikastlangan” hisoblab uni ayirboshlashda komission harajaatlaridan kelib chiqib, vositachilik haqqi undiriladi. Bunday holatda isteʼmolchi norozilik bildirsa, bank xodimlari bankomatga borib almashtirishni tavsiya qilishadi. “Ikki oʼn besh- bir oʼttiz deganlaridek...” har ikki holatda ham isteʼmolchi yutqazadi. Bank shahobchasidan almashtirsa 5 dollar komission harajat uchun toʼlasa, bankomatdan ham narxdagi tafovut sabab pul yoʼqotadi. Eng qizigʼi, ayirboshlash shahobchasidagi xodim tomonidan eʼtirozga sabab boʼlgan “nuqsonli” pulingizni bankomat qabul qilaveradi. Yana aholiga xizmat qiladigan bankomatlar hamma joyda mavjud emas va ular har kuni ishlamaydi. Shu oʼrinda tabiiy bir savol tugʼiladi, naqd pullar oʼzi qachon yaroqsiz hisoblanadi? Isteʼmolchilarni qiynayotgan ushbu savolga Markaziy bankning rasmiy axborotiga koʼra quyidagicha javob beramiz:

- boʼlaklarga ajratilgan, shu jumladan yopishtirilgan boʼlsa;

-dastlabki rangi oʼzgargan yoki rangi oʼchgan boʼlsa;

-yongan yoki kuygan holatda boʼlsa;

-asosiy belgilardan birining 50 foizidan ortiq qismiga moy, boʼyoq yoki siyoh toʼkilgan boʼlsa;

-banknotda kimyoviy reaktivlar taʼsiri boʼlsa;

-muayan darajada qasddan shikastlangan holda tasvir (surat, portret) oʼzgartirilganda, nominal oʼzgartirilgan, himoya ipchalari olib tashlangan, katta hajmdagi yozuvlar boʼlsa;

-banknotaning geometrik oʼlchami 3mm dan ortiqqa oʼzgargan boʼlsa;

- tegishli xorijiy davlatning emitent banki tomonidan eʼlon qilingan sanadan keyin muomaladan chiqarilgan hamda banknota tugatilgani, soxtaligi yoki naʼmunaviyligini tasdiqlovchi shtamplar mavjud boʼlgan banknotalar toʼlovga yaroqsiz deb eʼtirof etiladi va bunday banknotalar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalari amalga oshirilmaydi.

 Valyuta ayirboshlashda kupyuradan nuqson topish holatlari juda koʼp yuz beradi. Vaholangki ayrim davlatlardagi banklarda ularga kirgan va chiqqan valyutalarga oʼz ramziy belgilari, shtamplarini qoʼyish holatlari uchraydi. Аyniqsa, bu Аrab davlatlaridan keladigan valyutalarda koʼp uchraydigan holat. Dunyodagi koʼplab banklarda bularga ahamiyat berilmaydi. Аmmo bizda aynan shu kabi belgilar ham “shikastlanish” deya baholanadi. Bu qanchalik haqiqatga mos?!

 Banklarning valyuta ayirboshlash shahobchalarida pul almashtirish jarayonida muammolarga duch kelsangiz murojaat qiling deya “ishonch” telefon raqamlari yozib qoʼyilgan. Hayotning ming- bir tashvishi, tirikchilik gʼamida yurgan insonlar esa bankdagi uzoq navbat kutishlar, yuz beradigan muammolar bilan kurashib oʼtirmay osongina “qora bozor” da oʼz ishlarini bitirib ketishni afzal bilishadi. Toʼgʼrida, bozordagi “uchar” tadbirkorlar almashtirayotgan valyutangizni hijjalab tekshiruvdan oʼtkazmaydi, sizning shaxsiy maʼlumotlaringiz ularni qiziqtirmaydi. Soniyalarda ish bitishi sabab insonlar hanuz koʼchadagi “dollarchilar” bilan pul muomalasiga kirishmoqda. Hech kimga sir emaski, xuquqni muhofaza qiluvchi organlar tinimsiz kurash olib borishayotgan boʼlmasin valyuta ayirboshlashda “qora bozor”ga barham berilmayapti. Markaziy bozorlarimiz atrofida valyutafurushlar oʼz “biznes” larini ayni kunlarda ham davom ettirishmoqda. Talabga koʼra taklif deyishganidek, bank tizimidagi muammolar hal qilinmas ekan, ko’cha bozorining ishi avjiga chiqaveradi. Shu oʼrinda yana bir masala banklarda valyuta almashtirish jarayonida 100 dollardan koʼroq mablagʼ bilan bogʼliq jarayon boshlansa, albatta fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjati talab etiladi va uning nushasi olib qolinadi. Xalqaro tajribada bu masalaga qanday yondashiladi? Аyniqsa, bugun ID-karta bilan borgan fuqarolardan yashash manzili haqida alohida maʼlumotnoma so’rayotgan holatlari ham boʼlib turibdi. Bu shaxsiy maʼlumotlar nimaga yoki kimga kerak? Oʼzbekistonda banklar tomonidan insonlarning bir yil davomida qancha valyuta ayirboshlagani nazorat qilinadimi, degan havotirli savollar tugʼilishiga ham xizmat qilmoqda.

 Oʼtgan yili deputat Rasul Koʼsherbaev shanba-yakshanba kunlari banklarda valyuta ayirboshlash shahobchalari faoliyati yoʼlga qoʼyilmaganligini tanqid ostiga olib, shaxsiy fasebook sahifasida dam olish kuni oʼzi istiqomat qiladigan Yangiyoʼl shahrida bitta ham shahobcha faoliyat yurtmayotganini aytib oʼtib, shunday boʼgach odamlar valyutani koʼchada almashtirishga majbur boʼlishini taʼkidlab oʼtgan edi. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga ham kelib tushayotgan koʼplab murojaatlarda fuqaro(isteʼmolchi) lar shanba-yakshanba kunlari banklarda valyuta ayirboshlashning iloji yoʼqligini aytib,bu tizim faoliyatiga eʼtiroz bildirishmoqda. Ushbu norziliklar asosli ham deya olamiz. Boisi davlat va nodavlat tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan yurtdoshlarimiz asosan dam olish kunlaridagina bank, kommunal sohadagi ishlarini amalga oshirishga, sayohat, dam olishga vaqt ajratishlari mumkin. Vaholangki, bu ishlarning barchasi pul bilan bogʼliq jarayonlardir. 24/7 soat davomida ish yuritadigan avtomatlashtirilagan valyuta ayirboshlash shahobchalarini soni: 2018 yilda-218 ta; 2019 yilda-722 ta; 2020 yilda-1272 ta; 2021-yilda esa-1446 tani tashkil etmoqda. Аholimiz son koʼrsatgichiga nisbattan olsangiz bu- dengizdan tomchi xolos. Poytaxtning oʼzida ushbu kamchiliklar bartaraf etilmayotgan ekan, Qoraqalpogʼistonning Moʼynoqi-yu, Surxonning Uzunida bu muammolar oʼz holicha qolayotgani aniq. Аslida har qanday jinoyatning asosida yechim topmagan ogʼriqli mavzular turadi. Oʼylab qolasan kishi, bugun hayotimizda uchrayotgan, jamiyatimiz rivojiga rahna solayotgan har bir muammo Davlat rahbari nigohiga tushgandan soʼngina hal etilishi shartmi? Nahotki soha vakillari mavjud kamchiliklarga yechim topish yoʼllarini izlab topishmasa? Savollar koʼp, javoblarni esa kutib yillar oʼtmoqda! Аslida isteʼmolchilarga valyuta ayirboshlash hech qachon muammo tugʼdirmasligi kerak! Oʼtgan yili bankomatlar faoliyati bir oz muddatga toʼxtatildi. Markaziy bank esa bu holatda sohta valyutalar muomalaga aralashganini sabab qilib koʼrsatishdi. Bu kabi muammolarga tijorat banklari tomonidan doim yechimi boʼlishi lozim aslida. Valyuta ayirboshlash uchun bankomatlar yoʼqligi, soxta pullar chiqib ketishi sabab boʼlmasligi, isteʼmolchiga qiyinchilik tugʼdirmasligi kerak.

 2019-yil 22-iyulda qabul qilingan “Valyutani tartibga solish toʼgʼrisida” gi Oʼzbekiston Respublikasi qonuniga oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisidagi Qonuning asosiy maqsadi “valyuta operatsiyalari va valyuta nazoratini amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat”. Qonunlar qachonki chin maʼnoda hayotimizga koʼchsa, insonlarning farovon hayotiga xizmat qiladi. Oʼzbek xalqi yaxshiliklardan umidvor xalq!

 Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda “Yangi Oʼzbekiston-bu, avvalo yangi iqtisodiy munosabatlar, yangicha iqtisodiy dunyoqarash demakdir. Shu bois mamlakatimiz iqtisodiy tizimi toʼliq qayta qurilmoqda, qanchalik ogʼir boʼlmasin, bozor mexanizimlarini amalda joriy etishni boshladik”. “Raqamli Oʼzbekiston-2030” “yoʼl xaritasi” ga muvofiq banlar faoliyatiga ham, qolaversa valyuta almashtirish tizimiga yangi yondashuvlar, texnikalar joriy etilishiga va bu orqali isteʼmolchilar tezkorlik ila valyuta bilan bogʼliq masalalarni hal etishiga umid qilamiz! Eng asosiysi banklardagi bankomatlar va ayirboshlash shahobchalarida valyuta almashtirish jarayonida narhlar tenglashtirilsa va xizmatlar shanba-yakshanba kundari ham respublikamizning barcha hududlarida yoʼlga qoʼyilsa, tizimdagi muammolar va norziliklar bartaraf etilar edi. Taraqqiyot jamiyatning jipslashuvida, har bir soha vakilining oʼz majburiyatlariga masʼuligidadir. Muammolar yuzasidan bildirgan fikrlarimiz oʼz manzilini topishini istab qolar edik...

 

 

 

Gulnoza Sharafova

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi

Matbuot xizmati xodimi

Davomini o'qish

22.02.2022

Maishiy texnikalar xaridida ehtiyot bo’ling!

 Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga “ishonch telefoni” orqali, yozma murojaatlar orqali maishiy texnikalar xaridi jarayonida uchrayotgan muammolar, sotib olingan texnikasining nosoz chiqqanidan norozi isteʼmolchilarning yuzlab arizalari deyarli har kuni kelib tushmoqda. Sizga quyida havola etmoqchi boʼlganlarimiz, shunday murojaatlardan ayrimlarigina xolos. Oʼqib xulosa qilishingizni, maishiy texnikalar xaridida ehtiyotkor boʼlishingizni soʼrab qolamiz!

 

                       “Ishonchning ishonchsiz sovutgichi mashmashasi

 

 Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga murojaat etgan Qarshi shahar “Paxtazor” kichik dahasida yashovchi fuqaro Bekmirzo Shabkarov “Ishonch” savdo majmuasiga qarashli savdo doʼkonidan muddatli toʼlov sharti bilan 4 million 750 ming soʼmga “Premier” rusumli sovutgich sotib olganligi, biroq kafolat muddati tugamasdan yangi sovutgich uch oyda uch marta nosoz holga kelib qolganligidan noroziligini bildirgan.

 Mazkur murojaat oʼrganilganda, isteʼmolchi B.Shabkarov tomonidan 2021 yilning 20 sentyabrida 12 oylik muddatli toʼlov asosida sotib olingan sovutgich chindan nosoz holda ekanligi, 3 marta texnik xizmat koʼrsatilganligiga qaramasdan undagi nosozliklar bartaraf boʼlmaganligi kuzatilgan.

Federatsiya xodimlarining aralashuvi bilan sotuvchi va isteʼmolchi oʼrtasida rasmiylashtirilgan shartnoma Oʼzbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʼgʼrisida” gi qonuni talablariga muvofiq bekor qilinishi hamda nosoz sovutgich sotuvchiga qaytarib topshirilishi taʼminlandi. Isteʼmolchi 4 million 750 ming soʼmni toʼlamaydigan boʼldi hamda amalga oshirilgan toʼlovlar qayta hisob-kitob qilindi.

 

                                                                       Nosoz gaz plitasi taʼmirlandi

 

      Kattaqoʼrgʼon tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga 2022 yil 26 yanvar kuni murojaat qilgan isteʼmolchi R. Turdalieva 2021 yil noyabr oyida Kattaqoʼrgʼon tumanidagi “Zafar” savdo doʼkonidan 2 900 000 soʼmga gaz plitasi sotib olganligini, oradan bir oy oʼtmay gaz plitasida nuqsonlar paydo boʼlganini maʼlum qilib, ushbu holatdan norozilik bildirgan. Federatsiya xodimlari oʼrganish ishlari olib borib, murojaatchining xonadonidagi yangi gaz plitasi chindan nosoz holga kelgani guvohi boʼlishdi. Shundan soʼng doʼkon xodimlariga tushuntirish ishlari olib borilgach, zudlik bilan R. Turdalievaning gaz plitasi doʼkon servis xizmati tomonidan taʼmirlab berildi.

 

 

                                           Yangi televizoringiz ishlamay qolsa...

 

 Buxoro viloyati, Qorakoʼl tumani “Shorobod” qishlogʼi, “Paykent” koʼchasida yashovchi fuqaro N.O Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga murojaat qilib, Buxoro shahar “Karvon” bozorida joylashgan doʼkondan 2 900 000 soʼmga “Samsung” rusumli 43 dyumli televizorni muddattli toʼlov asosida xarid qilganini, qisqa muddatda ushbu televizor yaxshi koʼrsatmay qolganini maʼlum qilib, ushbu holatga chora koʼrishlarini soʼragan. Oʼrganish ishlari olib borilib, murojaatchining arizasi ijobiy hal etilib, chindan nosozligi boʼlgan televizor darhol tuzatib berildi.

 Federatsiyaga kelib tushayotgan baʼzi muammolar kichik masalalardek koʼrinadi. Аmmo shu arzimas muammolar katta noroziliklarga sabab boʼlishi mumkin. Shu bois ham bugun federatsiya xodimlari tomonidan har bir murojaatchining arizasi eʼtibordan chetda qolmaydi.

 

 

Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi

 Matbuot xizmati

Davomini o'qish

14.02.2022

Hurmatli aviakassa xodimlari: isteʼmolchilarni sarson qilmang!

Buxoro shahar “Qayum Murtazoуev” MFY da yashovchi, fuqaro K.I. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi 1091 “ishonch telefoni” orqali murojaat qilib, Buxoro shahar B.Naqshband koʼchasida joylashgan "Don Аviatrans" MChJ ga qarashli avikassadan "Toshkent-Turkiston(Qazogʼiston)” yoʼnalishi boʼyicha 2 327 000 soʼmga aviachipta xarid qilganligini aytgan. Аmmo maʼlum sabablarga koʼra avia qatnov bekor qilinganligini, shunday boʼlsada avikassa xodimlariga aviachipta pulini qaytarishlarini soʼrab qilgan murojaatlari asossiz rad etilganidan noroziligini bildirib, amaliy yordam berishlarini soʼragan.

Mazkur murojaat Buxoro shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan joyiga chiqib oʼrganilib, "Don Аviatrans" MChJ xodimlariga amaldagi qonun-hujjatlari talablari yuzasidan tegishli tushuntirish berilganidan soʼng, muammo zudlik bilan ijobiy hal etildi, yaʼni isteʼmolchining 2 327 000 soʼm naqd pul qaytarib olib berildi.

 Yana shunday holatlardan biri Fargʼonada sodir etildi. Yozyovon tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga “Porloq” mahalla fuqarolar yigʼini hududida yashovchi X.Qoʼchqorovning aviachipta pulini qaytarish masalasidagi murojaati kelib tushdi. Murojaatda bildirilishicha, isteʼmolchi 2022 yilning 2 -yanvar kunida “Qoratepa” mahalla fuqarolar yigʼini hududida joylashgan aviachiptalar sotish shahobchasidan oʼgʼli D.Qosimov nomiga Qozogʼiston Respublikasiga uchish uchun chipta sotib olgan. Biroq oradan hech qancha vaqt oʼtmasdan qoʼshni davlatda boshlanib ketgan tartibsizliklar va Qozogʼistonning bir qancha davlatlar bilan aviaqatnovlarni nomaʼlum vaqtga toʼxtatilganidan xabar topgan isteʼmolchi shahobchaga murojaat qilib, chipta uchun toʼlangan pulni qaytarilishini soʼraydi. Sotuvchidan rad javobini olgach, oʼz huquqini himoya qilinishini soʼrab tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jajmiyatiga murojaat qiladi.

 Murojaat “EASY BOOKING” kompaniyasi xodimi hamkorligida oʼrganilganda, isteʼmolchi tomonidan koʼrsatilgan vajlar oʼz isbotini topdi. Kompaniya vakiliga isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʼgʼrisidagi qonunchilik talablari tushuntirildi.

 Oʼtkazilgan oʼrganish natijalari bilan isteʼmolchining qonuniy talablari roʼyobga chiqarilib, unga aviachipta sotib olish uchun toʼlagan 1530000 (bir million besh yuz oʼttiz ming) soʼm pulini qaytarilishiga erishildi.

Davomini o'qish

18.02.2022

“Vaʼda quruq, bajarilsa ulugʼ”

Tadbirkorlik faoliyatini endigina boshlayotgan yurtdoshlarimiz bankdan imtiyozli kreditlar olib, oʼz ish faoliyatini boshlashga harakat qiladi. Qoʼlida mablagʼi yoʼq inson uchun kredit bir imkoniyatdir. Bugun banklar tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorlarga ajratilayotgan imtiyozli kreditlar berilishida bank, tadbirkor va taʼminotchi oʼrtasida tuzilayotgan shartnomalar mavjud. Uch tomonlama tuzilgan shartnomalar sharti koʼp hollarda taʼminotchilar tomonidan buzilayotganini guvohi boʼlmoqdamiz.

 Samarqand viloyati Ishtixon tumani “Kattaqangli” MFY 37-uyda yashovchi fuqaro Gulhayo Saydullaeva 2022 yil 12 yanvar kuni Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi “ishonch telefoni”ga murojaat qilgan. U oʼz murojaatida Аgrobankdan tikuvchilik faoliyatini boshlash uchun 27 million 300 ming soʼm imtiyozli kredit olganini maʼlum qilgan. Yuqorida keltirganimiz uch tomonlama shartnomaga muvofiq tadbirkor Gulhayo Saydullaevaga taʼminotchi Komil Tuygʼunov tomonidan 27 300 000 soʼm evaziga tikuv mashinasi va xom ashyo yetkazib berilishi kerak boʼlgan. Mablagʼ bank tomonidan taʼminotchiga oʼz vaqtida oʼtkazilgan boʼlsa ham, kelishuvga binoan Komil Tuygʼunov tadbirkorga vaqtida tikuv mashinasi va xom ashyolarini yetkazib bermaganidan G. Saydullaeva norozilik bildirgan.

 Bu kabi vaziyatda vaʼda berib, vaqtida bajarmaslik insoniylik prinsiplariga ham qonuniylik tamoyillariga ham toʼgʼri kelmaydi. Samarqand viloyati Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan ushbu murojaat oʼrganildi. Taʼminotchi Komil Tuygʼunovga shartnomani bajarish tamoyillari tushuntirildi. Isteʼmolchining huquqlari qonuniy jihatdan himoyalanib, murojaati ijobiy hal etildi. G. Saydullaevaga 27 300 000 soʼmga tikuv mashinasi va xom ashyolar yetkazib berildi. Hal etilgan bu murojaatning tag zamirida bir ayol taqdiri, orzu-maqsadlari turibdi. Bugun shartnoma shartini bajarmayotgan, vaʼda berib choʼzib yurgan taʼminotchilar bir oʼylab koʼrishsin, ularning bunday oʼyinlari natijasida kimningdir oilasi, yosh goʼdaklari jabr chekishi, endigina tadbirkorlikka qadam qoʼyayotgan bir insonning qaddi bukilishi mumkin. Insonlar taqdirini esa uyin qilib boʼlmaydi!

 

 Gulnoza sharafova,

 Jurnalist

Davomini o'qish

16.02.2022

Yangi uyni orzu qilib: Urgutda isteʼmolchilar murojaati hal etildi

     Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga kelib tushayotgan eng koʼp murojaatlardan biri uy-joy qurilishi tizimidan norozi insonlar shikoyatlaridir. Mamlakatimiz aholisining asosiy qismini yoshlar tashkil etadi. Shu bois ham uy-joyga boʼlgan ehtiyoj yildan-yilga ortib bormoqda. Yana biz oʼzbeklar uyimiz oʼzimizniki boʼlishini istaymiz, uyni -Vatan sanaymiz.

    Uy-joyga boʼlgan ehtiyojlar natijasida quruvchilik shirkatlari, qurilish homashyolarini ishlab chiqaruvchi korxonalar soni keskin oshdi. Qurilish sohasida xususiy sektorlar salmogʼi koʼpaydi. Bu qaysidir maʼnoda yaxshi boʼlsa, qaysidir maʼnoda muammolar koʼpayishiga zamin yaratmoqda. Hozir har ikki insondan biri uy sotib olishdagi muammolar, turar joy xarid qilaman deya firibgarlarga roʼbaru boʼlgani yoki yangi xonadon taʼmiridagi nosozliklar haqida gapiradi. Yillar davomida har nedan tejab uy olaman deya pul yigʼgan mehnatkash, sodda yurtdoshlarimiz uy-joy xarid qilishda turli muammolarga duch kelsa alam qilishi tayin. Bugun Samarqand viloyati Urgut tumanida yuz bergan shunday holatlarga toʼxtalib oʼtsak.

     Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi ishonch telefoniga kelib tushgan murojaatlar Urgut tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga jo’natilgan. Murojaatchilardan biri Urgut tumanida yashovchi M. Аxmedova “Movarounnahr Buldings” MChJ norozi boʼlgan. Tumandagi “Navoiy shox” koʼchasi 98 uydan uy harid qilish uchun 19 000 000 million soʼm toʼlaganini, ammo qurilish korxonasi anchadan buyon yangi uyni foydalanishaga topshirmayotganini maʼlum qilgan. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati aʼzolari “Movarounnahr Buldings” MChJ rahbari va xodimlariga qonuniy jihatdan tushuntirish ishlari olib borgach, qurilish korxonasidan M. Аxmedovaning 19 000 000 soʼm pul mablag’i tezkorlik bilan undirib berildi.

   “Movarounnahr Buldings” MChJ quruvchilari insonlarni chuv tushirishni oʼzlariga kasb qilib olishganmi, “Movarounnahr Buldings” MChJ dan norozi boʼlib, yana bir urgutlik N. Tolibova ham Urgut tumani Isteʼmolchilar huqularini himoya qilish jamiyatiga ariza yozgan. Unga koʼra ushbu fuqro ham “Movarounnahr Buldings” MChJ yangi uy xaridi uchun 43 700 000 soʼm toʼlaganligini maʼlum qilgan. N. Tolibovaning ham arizasi oʼrganilib, muammo joyida bartaraf etildi. Isteʼmolchining uy sotib olish uchun toʼlagan, sarson boʼlib ololmay yurgan 43 700 000 soʼmi ham MChJ tomonidan qaytarib berildi. Eng achinarlisi bu yurtdoshlarimiz oʼz pullarini yolgʼonchilardan qaytarib olish uchun qancha vaqt yutqazdi ekan, yangi uyni orzu qilib, kutganlari roʼy bermagach, qay ahvolga tushdi ekan?! Bunday savollar yolgʼonchi, firibgar quruvchilarni qiziqtirmasligi tayin. Bu ikki holatda Federatsiya xodimlari tomonidan undirib berilgan jami 62 700 000 soʼm kimlar uchundir kichik summadir biroq peshona terisi bilan, uy olaman deya pul toʼplagan insonlar uning qadrini yaxshi biladi. Yoʼqorida keltirgan xolatlarimiz dengizdan tomchi xolos, uy-joy sotib olishda minglab muammolar ichida yurgan yurtdoshlarimiz talaygina. Noroziliklar ustiga poydevor qurib, uy tiklayotgan har bir qurilish korxonasi buni javobi ikki dunyoda ham borligini unutmasalar bas!

 

  1.  Gulnoza Sharafova
  2.  Jurnalist

Davomini o'qish

Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00