Telegram-bot Virtual qabulxona

22.02.2022

Maishiy texnikalar xaridida ehtiyot bo’ling!

 Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga “ishonch telefoni” orqali, yozma murojaatlar orqali maishiy texnikalar xaridi jarayonida uchrayotgan muammolar, sotib olingan texnikasining nosoz chiqqanidan norozi isteʼmolchilarning yuzlab arizalari deyarli har kuni kelib tushmoqda. Sizga quyida havola etmoqchi boʼlganlarimiz, shunday murojaatlardan ayrimlarigina xolos. Oʼqib xulosa qilishingizni, maishiy texnikalar xaridida ehtiyotkor boʼlishingizni soʼrab qolamiz!

 

                       “Ishonchning ishonchsiz sovutgichi mashmashasi

 

 Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga murojaat etgan Qarshi shahar “Paxtazor” kichik dahasida yashovchi fuqaro Bekmirzo Shabkarov “Ishonch” savdo majmuasiga qarashli savdo doʼkonidan muddatli toʼlov sharti bilan 4 million 750 ming soʼmga “Premier” rusumli sovutgich sotib olganligi, biroq kafolat muddati tugamasdan yangi sovutgich uch oyda uch marta nosoz holga kelib qolganligidan noroziligini bildirgan.

 Mazkur murojaat oʼrganilganda, isteʼmolchi B.Shabkarov tomonidan 2021 yilning 20 sentyabrida 12 oylik muddatli toʼlov asosida sotib olingan sovutgich chindan nosoz holda ekanligi, 3 marta texnik xizmat koʼrsatilganligiga qaramasdan undagi nosozliklar bartaraf boʼlmaganligi kuzatilgan.

Federatsiya xodimlarining aralashuvi bilan sotuvchi va isteʼmolchi oʼrtasida rasmiylashtirilgan shartnoma Oʼzbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʼgʼrisida” gi qonuni talablariga muvofiq bekor qilinishi hamda nosoz sovutgich sotuvchiga qaytarib topshirilishi taʼminlandi. Isteʼmolchi 4 million 750 ming soʼmni toʼlamaydigan boʼldi hamda amalga oshirilgan toʼlovlar qayta hisob-kitob qilindi.

 

                                                                       Nosoz gaz plitasi taʼmirlandi

 

      Kattaqoʼrgʼon tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga 2022 yil 26 yanvar kuni murojaat qilgan isteʼmolchi R. Turdalieva 2021 yil noyabr oyida Kattaqoʼrgʼon tumanidagi “Zafar” savdo doʼkonidan 2 900 000 soʼmga gaz plitasi sotib olganligini, oradan bir oy oʼtmay gaz plitasida nuqsonlar paydo boʼlganini maʼlum qilib, ushbu holatdan norozilik bildirgan. Federatsiya xodimlari oʼrganish ishlari olib borib, murojaatchining xonadonidagi yangi gaz plitasi chindan nosoz holga kelgani guvohi boʼlishdi. Shundan soʼng doʼkon xodimlariga tushuntirish ishlari olib borilgach, zudlik bilan R. Turdalievaning gaz plitasi doʼkon servis xizmati tomonidan taʼmirlab berildi.

 

 

                                           Yangi televizoringiz ishlamay qolsa...

 

 Buxoro viloyati, Qorakoʼl tumani “Shorobod” qishlogʼi, “Paykent” koʼchasida yashovchi fuqaro N.O Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga murojaat qilib, Buxoro shahar “Karvon” bozorida joylashgan doʼkondan 2 900 000 soʼmga “Samsung” rusumli 43 dyumli televizorni muddattli toʼlov asosida xarid qilganini, qisqa muddatda ushbu televizor yaxshi koʼrsatmay qolganini maʼlum qilib, ushbu holatga chora koʼrishlarini soʼragan. Oʼrganish ishlari olib borilib, murojaatchining arizasi ijobiy hal etilib, chindan nosozligi boʼlgan televizor darhol tuzatib berildi.

 Federatsiyaga kelib tushayotgan baʼzi muammolar kichik masalalardek koʼrinadi. Аmmo shu arzimas muammolar katta noroziliklarga sabab boʼlishi mumkin. Shu bois ham bugun federatsiya xodimlari tomonidan har bir murojaatchining arizasi eʼtibordan chetda qolmaydi.

 

 

Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi

 Matbuot xizmati


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00