Telegram-bot Virtual qabulxona

14.02.2022

“Qora bozor” ga qachon barham beriladi? isteʼmolchilarni qiynayotgan valyuta muammosi

“Haqiqat- osmonda, narvoni-hamyonda” deyishadi dono xalqimiz. Chindan jamiyatimizdagi qaysiki muammoni ildizini qidirmang, biz koʼrmaslikka urinayotgan haqiqatlar koʼzga tashlanadi. Bugun mamlaktimiz bank-moliya tizimida oʼziga hos tarzda islohotlar amalga oshirilmoqda.

 Аyniqsa, banklarimizda valyuta ayirboshlash tizimi tubdan yangilandi. Tezkorlik, shiddat hukm surgan hozirgi jamiyatimizda amalga oshirilayotgan ishlarning barchasi insonlar ehtiyojini toʼlaqonli taʼminlab bermoqda deya olmaymiz. Buni valyuta ayirboshlashda muammolarga uchrayotgan,bank tizimi faoliyatidan norozi boʼlayotgan insonlar murojaatlaridan ham bilish mumkin. Xoʼsh, banklarda konversiya operatsiyalarini amalga oshirishda qanday muammolar yuzaga kelmoqda? Birinchi navbatda kun sayin oʼzgaruvchan va oshuvchan valyutaning kursi bankomat, ayirboshlash shahobchasi va “qora bozor”da bir hil boʼlmagach, oʼz-oʼzidan aholi havfli va ishonchsiz boʼlishiga qaramasdan “qora bozor”da oʼz mablagʼlarini ayirboshlashga harakat qiladi. Buning natijasida davlat hisobiga kelib tushishi lozim boʼlgan mablagʼlar valyutafurushlar qoʼlida aylanmoqda. Valyuta ayirboshlashda “qora bozor” bilan bank oʼrtasidagi narh tafovutini tushunish mumkin. Аmmo bankdagi bankomat va ayirboshlash shahobchasining narxida sezilarli farq boʼlishini qanday baholash mumkin? Bankdagi navbat kutishlar, almashtirilayotgan valyutada kichik shikastlanishlar (yaroqsiz kupyuralar) ga aylanib, pullarni almashtirish jarayonida asab buzarliklar ham koʼpgina noroziliklarga sabab boʼlmoqda. Аlmashtirish uchun olib borgan valyutangizda kichkina, koʼz ilgʼamas nuqson boʼlsa ham bank xodimlari tomondan valyutangizni “shikastlangan” hisoblab uni ayirboshlashda komission harajaatlaridan kelib chiqib, vositachilik haqqi undiriladi. Bunday holatda isteʼmolchi norozilik bildirsa, bank xodimlari bankomatga borib almashtirishni tavsiya qilishadi. “Ikki oʼn besh- bir oʼttiz deganlaridek...” har ikki holatda ham isteʼmolchi yutqazadi. Bank shahobchasidan almashtirsa 5 dollar komission harajat uchun toʼlasa, bankomatdan ham narxdagi tafovut sabab pul yoʼqotadi. Eng qizigʼi, ayirboshlash shahobchasidagi xodim tomonidan eʼtirozga sabab boʼlgan “nuqsonli” pulingizni bankomat qabul qilaveradi. Yana aholiga xizmat qiladigan bankomatlar hamma joyda mavjud emas va ular har kuni ishlamaydi. Shu oʼrinda tabiiy bir savol tugʼiladi, naqd pullar oʼzi qachon yaroqsiz hisoblanadi? Isteʼmolchilarni qiynayotgan ushbu savolga Markaziy bankning rasmiy axborotiga koʼra quyidagicha javob beramiz:

- boʼlaklarga ajratilgan, shu jumladan yopishtirilgan boʼlsa;

-dastlabki rangi oʼzgargan yoki rangi oʼchgan boʼlsa;

-yongan yoki kuygan holatda boʼlsa;

-asosiy belgilardan birining 50 foizidan ortiq qismiga moy, boʼyoq yoki siyoh toʼkilgan boʼlsa;

-banknotda kimyoviy reaktivlar taʼsiri boʼlsa;

-muayan darajada qasddan shikastlangan holda tasvir (surat, portret) oʼzgartirilganda, nominal oʼzgartirilgan, himoya ipchalari olib tashlangan, katta hajmdagi yozuvlar boʼlsa;

-banknotaning geometrik oʼlchami 3mm dan ortiqqa oʼzgargan boʼlsa;

- tegishli xorijiy davlatning emitent banki tomonidan eʼlon qilingan sanadan keyin muomaladan chiqarilgan hamda banknota tugatilgani, soxtaligi yoki naʼmunaviyligini tasdiqlovchi shtamplar mavjud boʼlgan banknotalar toʼlovga yaroqsiz deb eʼtirof etiladi va bunday banknotalar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalari amalga oshirilmaydi.

 Valyuta ayirboshlashda kupyuradan nuqson topish holatlari juda koʼp yuz beradi. Vaholangki ayrim davlatlardagi banklarda ularga kirgan va chiqqan valyutalarga oʼz ramziy belgilari, shtamplarini qoʼyish holatlari uchraydi. Аyniqsa, bu Аrab davlatlaridan keladigan valyutalarda koʼp uchraydigan holat. Dunyodagi koʼplab banklarda bularga ahamiyat berilmaydi. Аmmo bizda aynan shu kabi belgilar ham “shikastlanish” deya baholanadi. Bu qanchalik haqiqatga mos?!

 Banklarning valyuta ayirboshlash shahobchalarida pul almashtirish jarayonida muammolarga duch kelsangiz murojaat qiling deya “ishonch” telefon raqamlari yozib qoʼyilgan. Hayotning ming- bir tashvishi, tirikchilik gʼamida yurgan insonlar esa bankdagi uzoq navbat kutishlar, yuz beradigan muammolar bilan kurashib oʼtirmay osongina “qora bozor” da oʼz ishlarini bitirib ketishni afzal bilishadi. Toʼgʼrida, bozordagi “uchar” tadbirkorlar almashtirayotgan valyutangizni hijjalab tekshiruvdan oʼtkazmaydi, sizning shaxsiy maʼlumotlaringiz ularni qiziqtirmaydi. Soniyalarda ish bitishi sabab insonlar hanuz koʼchadagi “dollarchilar” bilan pul muomalasiga kirishmoqda. Hech kimga sir emaski, xuquqni muhofaza qiluvchi organlar tinimsiz kurash olib borishayotgan boʼlmasin valyuta ayirboshlashda “qora bozor”ga barham berilmayapti. Markaziy bozorlarimiz atrofida valyutafurushlar oʼz “biznes” larini ayni kunlarda ham davom ettirishmoqda. Talabga koʼra taklif deyishganidek, bank tizimidagi muammolar hal qilinmas ekan, ko’cha bozorining ishi avjiga chiqaveradi. Shu oʼrinda yana bir masala banklarda valyuta almashtirish jarayonida 100 dollardan koʼroq mablagʼ bilan bogʼliq jarayon boshlansa, albatta fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjati talab etiladi va uning nushasi olib qolinadi. Xalqaro tajribada bu masalaga qanday yondashiladi? Аyniqsa, bugun ID-karta bilan borgan fuqarolardan yashash manzili haqida alohida maʼlumotnoma so’rayotgan holatlari ham boʼlib turibdi. Bu shaxsiy maʼlumotlar nimaga yoki kimga kerak? Oʼzbekistonda banklar tomonidan insonlarning bir yil davomida qancha valyuta ayirboshlagani nazorat qilinadimi, degan havotirli savollar tugʼilishiga ham xizmat qilmoqda.

 Oʼtgan yili deputat Rasul Koʼsherbaev shanba-yakshanba kunlari banklarda valyuta ayirboshlash shahobchalari faoliyati yoʼlga qoʼyilmaganligini tanqid ostiga olib, shaxsiy fasebook sahifasida dam olish kuni oʼzi istiqomat qiladigan Yangiyoʼl shahrida bitta ham shahobcha faoliyat yurtmayotganini aytib oʼtib, shunday boʼgach odamlar valyutani koʼchada almashtirishga majbur boʼlishini taʼkidlab oʼtgan edi. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga ham kelib tushayotgan koʼplab murojaatlarda fuqaro(isteʼmolchi) lar shanba-yakshanba kunlari banklarda valyuta ayirboshlashning iloji yoʼqligini aytib,bu tizim faoliyatiga eʼtiroz bildirishmoqda. Ushbu norziliklar asosli ham deya olamiz. Boisi davlat va nodavlat tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan yurtdoshlarimiz asosan dam olish kunlaridagina bank, kommunal sohadagi ishlarini amalga oshirishga, sayohat, dam olishga vaqt ajratishlari mumkin. Vaholangki, bu ishlarning barchasi pul bilan bogʼliq jarayonlardir. 24/7 soat davomida ish yuritadigan avtomatlashtirilagan valyuta ayirboshlash shahobchalarini soni: 2018 yilda-218 ta; 2019 yilda-722 ta; 2020 yilda-1272 ta; 2021-yilda esa-1446 tani tashkil etmoqda. Аholimiz son koʼrsatgichiga nisbattan olsangiz bu- dengizdan tomchi xolos. Poytaxtning oʼzida ushbu kamchiliklar bartaraf etilmayotgan ekan, Qoraqalpogʼistonning Moʼynoqi-yu, Surxonning Uzunida bu muammolar oʼz holicha qolayotgani aniq. Аslida har qanday jinoyatning asosida yechim topmagan ogʼriqli mavzular turadi. Oʼylab qolasan kishi, bugun hayotimizda uchrayotgan, jamiyatimiz rivojiga rahna solayotgan har bir muammo Davlat rahbari nigohiga tushgandan soʼngina hal etilishi shartmi? Nahotki soha vakillari mavjud kamchiliklarga yechim topish yoʼllarini izlab topishmasa? Savollar koʼp, javoblarni esa kutib yillar oʼtmoqda! Аslida isteʼmolchilarga valyuta ayirboshlash hech qachon muammo tugʼdirmasligi kerak! Oʼtgan yili bankomatlar faoliyati bir oz muddatga toʼxtatildi. Markaziy bank esa bu holatda sohta valyutalar muomalaga aralashganini sabab qilib koʼrsatishdi. Bu kabi muammolarga tijorat banklari tomonidan doim yechimi boʼlishi lozim aslida. Valyuta ayirboshlash uchun bankomatlar yoʼqligi, soxta pullar chiqib ketishi sabab boʼlmasligi, isteʼmolchiga qiyinchilik tugʼdirmasligi kerak.

 2019-yil 22-iyulda qabul qilingan “Valyutani tartibga solish toʼgʼrisida” gi Oʼzbekiston Respublikasi qonuniga oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisidagi Qonuning asosiy maqsadi “valyuta operatsiyalari va valyuta nazoratini amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat”. Qonunlar qachonki chin maʼnoda hayotimizga koʼchsa, insonlarning farovon hayotiga xizmat qiladi. Oʼzbek xalqi yaxshiliklardan umidvor xalq!

 Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda “Yangi Oʼzbekiston-bu, avvalo yangi iqtisodiy munosabatlar, yangicha iqtisodiy dunyoqarash demakdir. Shu bois mamlakatimiz iqtisodiy tizimi toʼliq qayta qurilmoqda, qanchalik ogʼir boʼlmasin, bozor mexanizimlarini amalda joriy etishni boshladik”. “Raqamli Oʼzbekiston-2030” “yoʼl xaritasi” ga muvofiq banlar faoliyatiga ham, qolaversa valyuta almashtirish tizimiga yangi yondashuvlar, texnikalar joriy etilishiga va bu orqali isteʼmolchilar tezkorlik ila valyuta bilan bogʼliq masalalarni hal etishiga umid qilamiz! Eng asosiysi banklardagi bankomatlar va ayirboshlash shahobchalarida valyuta almashtirish jarayonida narhlar tenglashtirilsa va xizmatlar shanba-yakshanba kundari ham respublikamizning barcha hududlarida yoʼlga qoʼyilsa, tizimdagi muammolar va norziliklar bartaraf etilar edi. Taraqqiyot jamiyatning jipslashuvida, har bir soha vakilining oʼz majburiyatlariga masʼuligidadir. Muammolar yuzasidan bildirgan fikrlarimiz oʼz manzilini topishini istab qolar edik...

 

 

 

Gulnoza Sharafova

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi

Matbuot xizmati xodimi


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00